Noto‘g‘ri saqlangan dori vositalari nafaqat foydalilik xususiyatini yo‘qotadi, shu bilan birga inson uchun xavfli og‘uga ham aylanishi mumkin.
Bundan kelib chiqib, demak, har doim preparatlarni kerak vaqtida dorixonalardan sotib olish kerak ekanda, degan fikr uyg‘onmasligi lozim. Sababi har bir uyda dori qutisi bo‘lishi tavsiya etiladi.
Faqatgina ularni qo'llash yo'riqnomasiga muvofiq to'gri saqlash qoidasiga rioya etgan holda saqlash kifoya. Agar bu borada yetarli tushunchaga ega bo‘lmasangiz, unda quyidagi tavsiyalarga amal qiling.
Oshxona – dori vositalarini saqlash uchun eng yaxshi joy bo‘la olmaydi. Chunki bu yerda har kuni pechka va elektr uskunalar ishlatiladi. Ular dori vositalarining saqlanish muddatini qisqartirib, tarkibining ham o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga bu yerda suvning sezilarsiz bug‘lanishi natijasida preparatlar tarkibidagi moddalarda konsentratsiya yuzaga keladi va ularning o‘zgarishi kuzatiladi.
Yuvinish xonalari ham dori vositalarini saqlash uchun munosib joy emas. Chunki bu yerda haddan ortiq namlik hukmron bo‘ladi.
Xabdorilar va kapsulalar nam tortishi yoki ivib qolishi mumkin. Shuning uchun ham bu borada quruq joylarni tanlash lozim.
Dori vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan ko‘rsatilgan muddatdan uzoqroq saqlash mumkin emas. Qadoq ochilgandan keyin odatda ko‘rsatmada yozilgan saqlash muddati sezilarli darajada kamayishi mumkin. Bundan tashqari, ochilgan preparatlar baʼzan boshqa sharoitlarda saqlanishi kerak bo‘ladi.
Dori vositalarini saqlash qoidalariga amal qiling va salomatligingizga aslo beeʼtibor bo‘lmang!
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati